Fanlar

Al-Xorazmiy. Algebraning boshlanishi…

Abu Ja’far (Abdulloh) Muhammad in Muso al-Xorazmiy (arab. أبو عبد الله محمد بن موسی الخوارزمی)  —  dunyo ilm faniga misilsiz ulkan hissa qo’shgan alloma, Algebra fani va Algoritm  terminlarining  “otasi”,  buyuk matematik,  tarixchi,  falakkiyotshunos,  geograf  sifatida butun dunyoga mashhur.  Buyuk alloma vatandoshimizning  shahsiy  hayoti  haqidagi ma’lumotlar nihoyatda kam miqdorda saqlanib qolgan.

Manbalarda ko’rsatilishicha Al Xorazmiy  783 yilda Xorazmda tavallud  topgan.  Bu  davr  musulmon  sharqida  ilmiy  uyg’onish, ilm fanning gurkirab rivojlanayotgan davri bo’lib, al-Xorazmiy  Movorounnaxr va Xorazmdagi o’z  zamonasining  yetuk  olimlaridan  ilm tahsil qiladi. U  qadimgi  hind  va yunon ilm fani  bilan mukammal tanishib, ular asosida va o’z ilmiy tadqiqotlari boy’icha risolalar yozishni Xorazmdaligida boshlagani ma’lum.

819 yilda esa u halifalik  poytaxti – Bog’dodga yetuk alloma sifatida kelgan, va halifa al-Ma’mun (813-873) tomonidan tashkillangan «Baytul-Hikma» ya’ni «Donishmandlar uyi» ga rahbarlik (!) qilgan.  Shuningdek u halifaning  saroydagi ishonchli kishilaridan biri, maslahatchisi  bo’lganligi  qayd qilingan. Halifa Ma’mun, hali taxtga o’tirmagan vaqtda (ya’ni valiahdlik vaqtida ) halifalikning sharqiy hududlarida halifa  noibi bo’lib hizmat qilgan va o’sha davrda  al-Xorazmiy bilan yaqindan tanishib,  uning ilmiy salohiyatini to’g’ri baholagani va uni  Bog’dod  yaqinidagi  Qatrabula shahriga joylashtirganligi tarixiy manbalarda keltiriladi.  Al-Xorazmiy ham o’z navbatida halifa Ma’munning  ilm fanga qaratgan diqqat e’tiborini yuqori baholab, u haqida «ilmga muhabbati va olimlarni o’z atrofiga yig’ishi, ularni o’zining  davlandtmandlik qudrati qanotlari bilan himoyalab, ular  uchun  mushkul  bo’lgan (muammo)larning oson hal bo’lishiga va ular uchun tushunarsiz bo’lgan (hodisalar)ning tushunarli bo’lishiga doimo yordam beruvchi odil hukmdor » sifatida ta’riflaydi.

«Baytul-Hikma» — o’ziga xos sharqona akademiya bo’lib, Ma’mun «Baytul-Hikma»sida o’z davrining eng yetuk tafakkur egalari, halifalikning barcha yerlaridagi olim va fozillar aynan «Baytul-Hikma»da yig’ilib, hamjihatlikda ish olib borishar edi. Bu akademiyada nihoyatda ulkan  va boy ilmiy me’rosga ega bo’lgan kutubxona, astronomik tadqiqotlar uchun qulay rasadxona va qadimgi  yunon  ilm faniga doir ko’plab qo’lyozmalarning tarjimalari bilan shug’ullanuvchi tarjimonlar va hattotlar ish olib borardi. Aynan shu davrda, Ma’mun «Baytul-Hikma»sida al-Farg’oniy, Inb Turk, al-Kindi kabi ko’plab buyuk olim va faylasuflar ish olib borishgan. Halifa Ma’munning shahsan topshirig’iga ko’ra, al-Xorazmiy yer shari o’lchamlari – hajmi va uzunligini o’lchovchi asbob yasash ustida ish olib boradi. 827 yilda u boshchiligidagi ilmiy guruh, Sinjor cho’lida  yer shari meridianining yoy uzunligini o’lchash ishlarini olib boradi.  Sinjar cho’lida al-Xorazmiy boshchiligidagi guruh qayd etgan meridian yoyi uzunligi, keying 700 yil davomida aniqligi bo’yicha eng nodir natija bo’lib qoldi va barcha ilmiy qo’llanmalar uchun dasturul-amal bo’lib hizmat qildi.  Bu esa ulug’ vatandoshimizning Geodeziya sohasida ham muhim ilmiy salohiyatidan darak beradi.

Tahminan 830 yilda al-Xorazmiy halifa Ma’munga bag’ishlangan ikkita asar yozadi, ulardan biri Algebra haqida  bo’lganligi ma’lum. 842 yilda halifa bo’lgan al-Vasaq esa uni Xazar ekspeditsiyasiga boshliq qilib tayinlagani qayd etiladi. U haqidagi so’nggi ma’lumot esa,  847 yilga tegishli bo’lib, unda halifa al-Vasaqning vafot etgani va uning dafn marosimida yig’ilgan  e’tiborli shahslar orasida al-Xorazmiy ham tilga olinadi. Ma’lumot aniq bo’lmasa-da, al-Xorazmiyning vafotini 850-yil deb qabul qilingan.